Aqshda o’qish uchun harakatni nimadan boshlash kerak?

Aqshda o’qish uchun ishni nimadan boshlash kerak?

Esingizda bo‘lsa ushbu sayt orqali “Siz chet elda o‘qiy olasiz yoxud muvaffaqiyat qozonishning oddiy siri” nomli maqola so‘ngida sizlarga yana 5 ta maqola taqdim etishimizni aytib o‘tgandik.

Va’daga vafo deganlaridek bugun, “AQSHda o‘qishni xohlovchilar diqqatiga: Harakatni nimadan boshlash kerak?” nomli maqola saytga qo‘yilmoqda va ushbu maqolani yaxshilab o‘qib chiqishingizni tavsiya qilaman. Saytda qo‘yilib borilayotgan ba’zi bir maqolalar haqiqatdan ham O‘zbekistonlik bilimli yoshlarning hayotda til o‘rganishda yoki chet elda tahsil olishiga sababchi bo‘lgan o‘zlari hayotda qo‘llagan harakatlari yoritib berilgan. Bu tavsiyalar ertak emas, ayni haqiqat…

AQSHda o‘qishni hohlovchilar diqqatiga: Harakatni nimadan boshlash kerak?

Ushbu maqola AQSHning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan birida to‘liq grant asosida magistratura darajasini qo‘lga kiritgan bir talaba nomidan to‘liq saytga moslab qo‘yilgan.

AQSH ta’lim sohasi, asosan, magistratura va undan yuqori bo‘lgan darajadagi o‘quv dasturlari bilan dunyoga mashhur. Dunyoning eng kuchli universitetlari ro‘yxatida peshqadamlikni boy bermay kelayotgan AQSH oliy o‘quv yurtlari bu mavqega to‘rt yillik kollej dasturlari bilan emas, balki, asosan, magistratura yoki aspirantura kabi tadqiqotga katta e’tibor beriladigan o‘quv dasturlari bilan erishgan.

Kirish so‘zini ko‘p cho‘zmasdan maqsadga o‘tadigan bo‘lsam, mana shunday sifatli oliy o‘quv yurtlaridan birida tahsil olishni istaydigan vatandoshlarimizga saytimizda amaliy maslahatlar bermoqchiman. AQSHning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan birida to‘liq grant asosida magistratura darajasini qo‘lga kiritgan bir talaba sifatida aytadigan bo‘lsam, maslahatlarim yosh yigit-qizlarimiz uchun foydadan holi bo‘lmas, deb umid qilaman. Albatta, savol va fikr-mulohazalaringiz bo‘lsa, maqola oxirida fikr sifatida adminga yozib yuborishingiz mumkin.

Bu maqolada AQSH oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish jarayoni haqida umumiy ma’lumot berish bilan cheklanaman. Keyingi safar yozganlarimda ushbu jarayonning ichki bosqichlari haqida alohida ma’lumot va amaliy maslahatlar berishga harakat qilaman.

Harakatni imkon qadar erta boshlash kerak.

Magistratura bosqichida o‘qish uchun, avvalo, bakalavrlik darajasiga ega bo‘lish kerak. Buni yaxshi bilasiz.

Bakalavrlik darajasi uchun o‘qishga qabul qilindingizmi, kelajak uchun reja tuzishni darhol boshlang. Oldinda to‘rt yil bor, avval o‘qishni bitirib olay, bir gap bo‘lar, deb o‘ylash katta xato! O‘qishni bitirib nima qilmoqchisiz? O‘z sohangizda ishlamoqchimisiz yoki magistraturada o‘qishni davom ettirishni istaysizmi? Agar magistratura darajangizni xorijda, masalan, AQSHda olishni istasangiz, buning rejasini imkon qadar erta tuzishingiz va shu reja bo‘yicha ish olib borishingiz kerak. Chunki AQSHda o‘zingizga mos universitetni topish va unga topshirish lozim bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash va o‘zingizni AQSHda o‘qish salohiyatiga ega bilimli va iqtidorli talabaga aylantirishingiz uchun oylar emas, balki yillar kerak bo‘ladi. Buni o‘z tajribam asosida gapiryapman.

Harakatni nimadan boshlash kerak?

O‘qishni AQSHda davom ettirishga qaror qildingizmi, avvalo, bunga erishish uchun nimalar qilish lozimligini aniqlang va shu asosda puxta reja tuzing. Bakalavrni tugatiboq magistraturada o‘qishni davom ettirishni istaysizmi yoki o‘rtada 1-2 yil o‘z sohangizda ishlab tajriba orttirmoqchimisiz? Bakalavrni bitiriboq o‘qishni davom ettirishingiz mumkin. Ammo bir-ikki yil o‘z sohangizda ishlab tajriba orttirsangiz, magistratura uchun hujjat topshirganingizda ushbu ish tajribangiz sizning qabul qilinish ehtimolingizni oshiradigan muhim omil bo‘lishini ham hisobga oling.

AQSHda magistratura yoki undan yuqori bo‘lgan darajalarda o‘qish uchun, odatda, quyidagi bilim va malakalarda ega bo‘lishingiz kerak:

  1. Tan olingan oliy o‘quv yurtidan bakalavrlik darajasiga ega bo‘lish (Odatda,O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv yurtlari AQSHda tan olinadi)
  2. Ingliz tilini mukammal bilish. Buning isboti sifatida TOEFL yoki IELTS testlarini topshirgan bo‘lishingiz kerak. Bakalavr darajasini o‘qish tili ingliz tili bo‘lgan oliy o‘quv yurtidan olgan xalqaro talabalar TOEFL yoki IELTS imtihonidan ozod qilinishi mumkin. TOEFL yoki IELTS dan so‘raladigan minimum ball talablari, o‘quv yurtlariga qarab, har xil bo‘lishi mumkin.
  3. Ijtimoiy sohalar uchun ”Bitiruv ko‘rsatkichlari imtihonlari”(GRE — Graduate Record Examinations) deya nomlanuvchi maxsus testni ham topshirish lozim. GRE imtihonini topshirish bakalavrlik darajasidan keyingi o‘quv bosqichlari uchun barchadan, xususan, amerikalik talabalardan ham talab yetiladi. Bir marta topshirilgan GRE imtihoni natijasi besh yilgacha yaroqli hisoblanadi. Huquqshunoslik kabi ayrim sohalar uchun GRE imtihonini topshirish shart emas. Ba’zi ixtisoslashgan va aniq fanlarga asoslangan sohalarda GREning fanlar bo‘yicha chiqarilgan maxsus testlarini topshirishingiz talab etilishi mumkin. Shuningdek, Biznes boshqaruvi (MBA) kabi sohalarda GRE o‘rniga GMAT (Graduate Management Admission Test – Boshqaruv sohasi bitiruvchilari uchun qabul testi) imtihonini topshirish kerak bo‘ladi.

Shuni unutmaslik kerakki, bu maxsus testlar ancha murakkab. Buni testni topshirib ko‘rganlar yaxshi biladi. Ular oldida TOEFL yoki IELTS o‘yinchoq imtihondek ko‘rinib qoladi ko‘zingizga. Qo‘rqmang. Bu imtihonlarning murakkab ekanini o‘quv dargohlari ham yaxshi tushunadi. Shuning uchun, odatda, ulardan juda yuqori ball olishingiz shart emas va ularga minimum ball talablari ham qo‘yilmaydi. Ayrim universitetlarda sizning xorijlik ekaningiz hisobga olinib, GRE bo‘yicha olgan past baholaringiz uzrli holat sifatida qabul qilinishi mumkin. Demak, qo‘rqishga hojat yo‘q. Ammo o‘ta jiddiy tayyorgarlik ko‘rishingiz shart.

  1. Bulardan tashqari, yana, rezyume (rezyume yozish bo‘yicha tavsiyalarni ham saytga qo‘yaman), o‘quv yurti anketasi, o‘qishga kirishdan maqsadlaringiz aks etgan qisqa insho kabi hujjatlarni topshirishingiz ham talab etiladi. Yuqoridagi umumiy shartlarga qo‘shimcha ravishda, har bir oliy o‘quv yurti yoki o‘quv dasturining o‘ziga xos talablari ham bo‘lishi mumkin. Masalan, ingliz tilida o‘zingiz yozgan biror ilmiy ishni yuborishingiz so‘ralishi mumkin. Bu narsa sizning ingliz tilida yozish malakangizni tekshirishlari uchun kerak bo‘ladi. Yuqorida alohida raqamlar bilan tilga olingan shartlar, qayerda o‘qishingizdan qat’i nazar, sizdan talab qilinadi. Shu bois TOEFL va/yoki GRE/GMAT testlariga tayyorlanish va ularni topshirish ustida ishlashni qancha erta boshlasangiz, shuncha yaxshi.

Qayerda o‘qimoqchisiz?

O‘zingizga va sohangizga mos o‘quv dasturini topish bo‘yicha izlanishlaringizni ham imkon qadar erta boshlaganingiz ma’qul. Shunda universitet va o‘quv dasturlarining o‘ziga xos talablarini bajarishingiz uchun yetarli vaqtga ega bo‘lasiz.

Unutmang, magistratura – bu ilmiy izlanish va boshlang‘ich tadqiqotlar olib boriladigan o‘quv darajasidir. O‘zingiz qiziqqan yoki kelajakda ishlamoqchi yoxud ilmiy ish olib bormoqchi bo‘lgan mavzularingizning siz tanlamoqchi bo‘lgan universitetlarda mavjudligiga diqqat qiling. Buning uchun universitet va o‘quv dasturlarining veb-saytlariga tashrif buyurib, u yerdagi tadqiqot (Research) bo‘limini hamda professorlarning shaxsiy sahifalarini ko‘zdan kechirib chiqish yordam beradi. Talabalar olib borayotgan ilmiy tadqiqot mavzulariga ko‘z yugurtirib chiqish ham foydadan xoli emas. Siz qiziqqan sohada ilmiy ish olib boruvchi professorlarga maktub yo‘llab (aloqaga chiqish yo‘llari veb-saytda berilgan bo‘ladi), ularga shu dasturga topshirmoqchi ekaningizni va bu borada yo‘l-yo‘riqqa muhtojligingizni aytishdan tortinmang. Hujjat topshirguningizgacha, universitetdagi professorlar bilan aloqa bog‘lash va ularning imkon qadar qo‘llab-quvvatlashiga erishish sizning qabul qilinish imkoniyatlaringizni oshiradi. Bu gaplar, ayniqsa, doktorlik darajasida (PhD) o‘qimoqchi bo‘lganlar uchun juda muhim. Chunki doktorlik darajasining turgan bitgani tadqiqot va yana tadqiqotdir.

Imkon qadar ko‘proq o‘quv yurtlariga topshirishga harakat qiling. Chunki qaysi biri sizni qabul qilishini bilmaysiz. Ayrimlar menga kamida 8-10 ta joyga topshirishni maslahat bergan. Chunki 10 tadan kamida 1-2 tasi sizni qabul qilishi aniq (Agar hujjatlaringiz talab darajasida bo‘lsa, albatta). Shundan so‘ng o‘zingiz xohlagan birida o‘qish istagini bildirib, qolgan joylarga rad javobini berishingiz mumkin. Bu AQSH ta’lim tizimida tabiiy jarayon.

Shuni ham eslatib o‘tishim kerakki, AQSH o‘quv yurtiga hujjat topshirishning to‘lovlari bor. Ular, odatda, $50 dan $100 gacha bo‘ladi. Demak, ko‘proq joyga hujjat topshirsangiz, ko‘proq xarajat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Grant dasturlariga universitetlar orqali mustaqil topshirayotgan bo‘lsangiz ham, bu to‘lovlarni to‘lashingiz lozim. Shuning uchun nechta joyga hujjat topshira olishingiz hamyoningizning qanchalik baquvvat ekani bilan ham bog‘liq.

Eng muhimi, o‘qish va yashash xarajatlarini to‘liq qoplovchi universitetlarni topishga harakat qiling. AQSHda ko‘plab oliy o‘quv yurtlari magistratura va undan yuqori bo‘lgan darajadagi o‘qish dasturlarida talabalarga turli manbalardan grantlar ajratadi. Buni bilish uchun o‘zingiz qiziqqan oliy o‘quv yurti saytlarining “Moliyaviy yordam” (Financial Aid) bo‘limini ko‘zdan kechirib chiqishingiz kerak. Moliyaviy yordam berish bo‘yicha xalqaro talabalar uchun alohida yoki qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Grant yoki boshqa istalgan mavzuda tug‘ilgan savollarni ularga bog‘lanib so‘rashdan tortinmang. Bundan oldin saytdagi qabul jarayoniga oid barcha ma’lumotlarni o‘qib chiqing. Chunki siz istagan ma’lumot saytda bo‘lishi mumkin.

Qabul uchun qanday hujjatlar topshirish kerak?

Yuqorida qabul uchun lozim bo‘ladigan talab va hujjatlarni sanab o‘tdim. Bu yerda ana shu shartlarga batafsilroq to‘xtalaman.

  1. Bakalavr darajasida o‘qigan fanlaringizning (Diplom ilovasi) notarial tasdiqdan o‘tgan ingliz tilidagi rasmiy tarjimasi. Ayrim o‘quv dasturlari ushbu hujjatning asl nusxasini o‘qigan universitetingizdan to‘g‘ridan to‘g‘ri jo‘natilishini so‘rashi mumkin. Aksariyati uchun norasmiy nusxasini (kserokopiya) yuborishingiz kifoya. Agar o‘qishga qabul qilinsangiz, asl nusxasini yuborishingiz talab etiladi.
  2. TOEFL/IELTS hamda GRE yoki GMAT imtihonlari natijalarining asl nusxalari. Test natijalari haqidagi asl hujjatlar test o‘tkazuvchi tashkilot/markaz tomonidan o‘quv yurtlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuborilishi kerak. Siz imtihonlarni topshirish paytida natijalarni o‘zingiz istagan universitetlarga yuborilishini so‘rashingiz yoki buni imtihondan so‘ng istalgan paytda qo‘shimcha haq evaziga amalga oshirishingiz mumkin.
  3. Ikki yoki uch dona akademik tavsiyanoma. Ushbu xatlarni oliy o‘quv yurtida sizni yaxshi tanigan professorlardan olganingiz yaxshi. Ish joyingizdan yozib berilgan tavsiyanomalar hisobga olinmasligi mumkin.
  4. Qabul to‘lovi. Hujjat topshirayotgan har bir talaba o‘quv yurtiga ma’lum miqdorda to‘lov puli yuborishi kerak. To‘lov miqdori $25-$30 dan $100 gacha bo‘lishi mumkin.

Hozir deyarli barcha oliy o‘quv yurtlarida qabul uchun hujjatlar internet orqali qabul qilinmoqda. Shu bois qabul jarayoni juda osonlashgan bo‘lib, siz hujjatingizni pochta orqali yuborishingizga hojat yo‘q. Faqat qabul qilingan taqdiringizda, hujjatlaringizning asl nusxalarini pochta orqali yuborishingiz talab etiladi. Har bir o‘quv yurtida hujjatlarni yuborishning so‘nggi kuni belgilangan bo‘ladi. Shu vaqtdan kechikmasligingiz kerak.

AQSHda o‘qishning eng oson yo‘li

Yuqoridagi ma’lumotlar, asosan, o‘qishga mustaqil hujjat topshirib kirishni istovchilar uchun. AQSHda o‘qish huquqini qo‘lga kiritishning bundan oson yo‘llari ham bor.

Siz halqaro talabalar uchun e’lon qilingan maxsus grant dasturlarini topishga harakat qiling. Bunday dasturlarning afzal tomoni shundaki, siz hujjatlarni faqat grant beruvchi tashkilotga yuborasiz. Hujjatlaringizni universitetlarga yuborish kabi tashkiliy ishlar grant tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Ana shunday dasturlarining, shak-shubhasiz, eng a’losi bu AQSH Davlat departamenti Ta’lim bo‘limining xalqaro talabalar uchun e’lon qilgan turli grantlaridir.

Bu grantlar ro‘yxatini keyingi maqolalarimizda albatta batafsil sharhlar bilan keltirib o‘tamiz.

Magistratura darajasi uchun grant beruvchi ikkita dastur bor: Bular ““Edmund S. Muskie” hamda “Fullbright” o‘quv dasturlaridir (Eslatib o‘tamiz, “Muskie” dasturiga qabul noma’lum muddatgacha to‘xtatilgan.). Bu grant dasturlarining eng qulay tomoni shundaki, siz hamma hujjatlarni O‘zbekistondagi AQSH elchixonasiga topshirasiz va qabul jarayonidagi barcha xarajatlar AQSH davlati tomonidan to‘liq qoplanadi. Sodda qilib aytganda, agar siz birinchi bosqichdan o‘tib, TOEFL va GRE imtihonlarini topshirmoqchi bo‘lsangiz, ushbu imtihonlar uchun to‘lov to‘liq qoplanishidan tashqari, agar viloyatdan test uchun poytaxtga kelgan bo‘lsangiz, yo‘l xarajatlaringiz uchun ham haq olasiz. So‘nggi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga qabul qilinish yoki qilinmasligingizdan qat’iy nazar, ungacha bo‘lgan bosqichlardagi barcha xarajatlar grant dasturi tomonidan to‘liq qoplanadi.

Vatandoshlarimizni, avvalo, ana shu dasturlarda ishtirok etishlarini qattiq tavsiya etamiz. Kamina ham ana shu grantlardan birini qo‘lga kiritib, AQSHda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritgan talabalardan biri ekanimni shu o‘rinda aytib qo‘yishim joiz.

Bitta maqolada AQSHda o‘qish uchun lozim bo‘lgan barcha ma’lumot va masalalarni to‘liq qamrab olish qiyin. Dastlabki maqolada ushbu murakkab jarayon haqida umumiy tushuncha berishga harakat qildim, xolos. Nasib qilsa, kelgusi maqolalarimizda yuqorida tilga olingan har bir bosqichga alohida to‘xtalib, ushbu talablarni muvaffaqiyatli bajarish uchun nimalar qilish lozimligi haqida amaliy maslahatlar berishga harakat qilaman. Hozircha sizga bitta gapim bor: Siz xorijda, albatta, o‘qiysiz. Xohish bilan birga, harakatingiz ham bo‘lsa bas. Chunki shu imkoniyatni qo‘lga kiritgan boshqa talabalarning shox yo‘q. Faqat ko‘proq izlangan va mehnat qilgan, xolos. Demak, harakat qilish kerak. Qanday harakat qilish kerak?

Bu haqda kelgusida gaplashamiz.

Mamadiyev B. maqolalari asosida tayyorlandi.

manba; sotma.uz

www.Unisite.uz

Grantlar
Maqsad (motivatsiya video)

Shaha Dolimov tomonidan tayyorlangan Motivatsiya beruvchi video rolg. Energiyangizni yuqori darajada ko’taring.

Grantlar
Как стать специальностом в Авиации (Пилотом Диспетчером) Врачом Экономистом и по другим направлениям

🏢Осуществляй Свои Мечты⏳ ✈️Авиационные вузы🚁 📘Российской Федерации и Соединённых Штатов Америки. 1. Санкт-Петербургский Государственный Университет Гражданской Авиации; 2. Бугурусланское летное училище ГА (колледж) – филиал ФГБОУ ВО “Санкт-Петербургский Государственный Университет ГА”; 3. Московский Государственный Технический Университет Гражданской Авиации; 4. Егорьевский авиационный Технический колледж имени В.П. Чкалова – филиал МГТУ ГА; …

Grantlar
Green Card natijalarini bilish

AQShga doimiy yashash uchun kelish imkoniyatini beruvchi “Turli millat vakillari uchun immigratsiya vizalari – DV” (Green Card) dasturiga hujjat topshirganlar natijani bilishlari mumkin. Buning uchun maxsus sayt ochiq. Ariza topshirilgan paytda berilgan kodni kiritish kerak. Davlat departamenti g’oliblarga hech qanday xabar yoki maktub jo’natmaydi. Sayt natijani bilishning yagona yo’lidir.Agar natija …

SOCIALICON